Kelajak pianinochilari: mahoratdan sahnaga qadar
22-avgust, 2026
«Chorvoq Darvozasi» majmuasi hududida yosh pianinochilarni birlashtirgan oʻziga xos ijodiy tadbir boʻlib oʻtdi. U Fortepiano ijrochiligi ijodiy birlashmasi va «Oʻzmilliybank» AJ hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar pianinochi, bastakor va musiqiy prodyuser Marat Maksudiyning mahorat darsida qatnashib, oʻz ijrolari boʻyicha kerakli tavsiyalar oldi. «Musiqiy Zakovat» oʻyini esa kunga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Dastur ochiq osmon ostidagi konsert bilan yakunlandi.
Bu uchrashuv yosh pianinochilar uchun sahnaga chiqish, bir-birini tinglash, tajriba almashish va yangi doʻstlar orttirish imkoniyati boʻldi. Eng muhimi, ular uyga yangi taassurotlar va yanada koʻproq izlanish istagi bilan qaytdi.
Mazkur tadbir Prezidentimizning 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmonida belgilangan isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash vazifalari hayotda oʻz ifodasini topayotganining yana bir namunasi boʻldi. Zero, har bir yosh musiqachi uchun eʼtibor, ustoz maslahati va sahnaga qoʻyilgan ilk qadam juda muhim.