Asosiy mazmunga oʻtish

KELAJAK PIANINOCHILARI: MAHORATDAN SAHNAGA QADAR…

28-avgust, 2026

Samarqand shahridagi Silk Road Samarkand majmuasida iste’dodli yosh pianinochilar ishtirokida «Kelajak pianinochilari: mahoratdan sahnaga qadar» nomli ijodiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Fortepiano ijrochiligi ijodiy birlashmasi, “O’zmilliybank” AJ hamda Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etildi.

Tadbir doirasida xalqaro tanlovlar laureati, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining «Maxsus fortepiano» kafedrasi dotsenti Raxmet Palvanov yosh ijrochilar uchun master-klass o‘tkazdi. Ishtirokchilar ijro etgan asarlar mutaxassis tomonidan tahlil qilinib, ularga ijrochilik mahorati, musiqiy talqin va badiiy ifodalilikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, yoshlarning musiqiy bilimi va zehnini sinovdan o‘tkazgan «Musiqiy Zakovat» interaktiv dasturi tashkil etildi. Ijodiy kun Samarqand simfonik orkestri, solistlar hamda Fortepiano ijrochiligi ijodiy birlashmasi ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

Mazkur tadbir yosh pianinochilar uchun professional musiqa muhiti bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish va sahna mahoratini oshirishga xizmat qildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Ulashish: